Jinoyatchilik va huquqbuzarliklar har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi ijtimoiy hodisalar hisoblanadi. Ular fuqarolarning huquq va erkinliklariga, jamoat xavfsizligiga hamda davlat manfaatlariga zarar yetkazadi. Shu sababli jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish davlat siyosatining muhim yo’nalishlaridan biri hisoblanadi.
Jinoyatchilik – muayyan hududda va muayyan vaqt davomida sodir etilgan jinoyatlar yig’indisi bo’lib, u jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy holatini aks ettiradi.
Huquqbuzarlik esa qonun hujjatlari talablarini buzuvchi, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazuvchi g’ayriqonuniy xatti-harakat yoki harakatsizlik hisoblanadi.
Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari
- Ishsizlik va iqtisodiy muammolar;
- Aholining huquqiy madaniyati pastligi;
- Oilaviy muhitdagi nosog’lom munosabatlar;
- Spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar iste’moli;
- Yoshlar tarbiyasidagi kamchiliklar;
Jinoyatchilikning oldini olishning huquqiy asoslari
- O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi;
- O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi;
- Huquqbuzarliklar profilaktikasi to’g’risidagi Qonun;
- Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks;
Jamoat xavfsizligi sohasiga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish choralari
Huquqiy tarbiyani kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish jinoyatchilikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Buning uchun ta’lim muassasalarida huquqiy bilimlarni keng targ’ib qilish zarur.
Yoshlar bilan ishlash, yoshlarning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni sport va madaniy tadbirlarga jalb qilish huquqbuzarliklarning kamayishiga xizmat qiladi.
Ijtimoiy muhofaza choralarini kuchaytirish, ishsizlikni qisqartirish, aholining turmush darajasini yaxshilash va ijtimoiy qo’llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish jinoyatchilik omillarini kamaytiradi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish, profilaktika inspektorlari, ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli tashkilotlarning hamkorligini kuchaytirish huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash imkonini beradi.
Profilaktikaning ahamiyati, jinoyatchilikka qarshi kurashishda jazodan ko’ra profilaktika muhimroq hisoblanadi. Chunki profilaktika orqali jinoyat sodir etilishiga olib keluvchi sabab va shart-sharoitlar bartaraf etiladi. Bu esa jamiyatda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash lozimki Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish davlat va jamiyat oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Bu borada huquqiy tarbiyani kuchaytirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, yoshlar bilan manzilli ishlash va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Profilaktika choralarining samarali amalga oshirilishi jamiyatda qonun ustuvorligi va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari bo’yicha
Denov tuman sudining raisi: S.Bo’tayev