Yer uchastkalarini noqonuniy egallanishini oldini olish

08/06/2026

Yer chastkalarining noqonuniy egallanishi bilan bog’liq muammolar, ularning kelib chiqish sabablari hamda ushbu huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar tahlil qilinadi. Shuningdek, yer munosabatlarini tartibga solishda davlat organlarining o’rni, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalari yoritildi.

Yer davlatning eng muhim tabiiy boyliklaridan biri hisoblanadi. Undan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan sanaladi. Yer uchastkalarining noqonuniy egallanishi yer resurslaridan foydalanish samaradorligiga salbiy ta’sir ko’rsatib, fuqarolar va yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazadi. Shu sababli bunday holatlarning oldini olish va ularga qarshi samarali kurashish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi, va O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi bo’yicha noqonuniy yer uchastkalarini yegallab olish MJtK hamda JKning tegishli moddalari bilan javobgarlikka tortilishiga sabab bo’ladi.

Yer uchastkasini noqonuniy egallash deganda, vakolatli davlat organlarining tegishli qarorisiz yoki qonunchilikda belgilangan tartiblarni buzgan holda yerdan foydalanish, qurilish olib borish yoki yer maydonini o’zboshimchalik bilan egallab olish tushuniladi, yer qonunchiligi talablarining yetarli darajada bilinmasligi, yer hisobini yuritish va nazorat qilish tizimidagi kamchiliklar,  kadastr ma’lumotlarining eskirishi yoki to’liq shakllantirilmaganligi, aholi sonining ortishi va yerga bo’lgan ehtiyojning kuchayishi.

Yer uchastkalarining noqonuniy egallanishi quyidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi, yer resurslaridan oqilona foydalanish tamoyilining buzilishi, qishloq xo’jaligi yerlarining qisqarishi, shaharsozlik va hududlarni rivojlantirish rejalarining izdan chiqishi, ekologik muvozanatning buzilishi, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining mulkiy huquqlari cheklanishiga olib keladi.

Yer uchastkalarini noqonuniy yegallanishini oldini olish uchun profilaktik nazoratini kuchaytirilishi, davlat organlari tomonidan yerlardan foydalanish ustidan muntazam monitoring olib borilishi, qonunbuzarlik holatlari aniqlanganda tezkor choralar ko’rilishi zarur.       Kadastr tizimini takomillashtirish, raqamli kadastr ma’lumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish yer uchastkalarining noqonuniy egallanishini aniqlash hamda oldini olish imkonini beradi.

Javobgarlik choralarini samarali qo’llash, yer qonunchiligini buzgan shaxslarga nisbatan ma’muriy, fuqaroviy-huquqiy va jinoiy javobgarlik choralarining muqarrarligi ta’minlanishi lozim. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, sun’iy yo’ldosh tasvirlari, geoinformasion tizimlar (GIS), dronlar va elektron monitoring tizimlari orqali yer fondi holatini doimiy kuzatib borish mumkin.

Huquqiy targ’ibotni kuchaytirish, fuqarolar o’rtasida yer qonunchiligi bo’yicha tushuntirish ishlarini olib borish, ularning huquqiy ong va madaniyatini oshirish noqonuniy egallash holatlarining kamayishiga xizmat qiladi.

Taklif va tavsiyalar, yer uchastkalarining noqonuniy egallanishining oldini olish maqsadida, yer monitoringining yagona elektron platformasini rivojlantirish, davlat organlari o’rtasida ma’lumot almashish tizimini takomillashtirish,  yer qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik mexanizmlarini yanada kuchaytirish, kadastr ma’lumotlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, aholi va tadbirkorlar uchun yer huquqi bo’yicha muntazam o’quv va targ’ibot tadbirlarini tashkil etish maqsadga muvofiqdir.

Xulosa o’rnida yer uchastkalarining noqonuniy egallanishi yer munosabatlari sohasidagi eng muhim muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu huquqbuzarliklarning oldini olish samarali huquqiy tartibga solish, zamonaviy nazorat mexanizmlarini joriy etish va fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan chambarchas bog’liq. Mazkur yo’nalishdagi chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi yer resurslaridan oqilona foydalanish hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Jinoyat ishlari bo’yicha

Denov tuman sudining raisi:                                                S.Bo’tayev