Oila jamiyatning asosiy bo’g’ini hisoblanadi. Oiladagi sog’lom muhit jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri bo’lsa, oilaviy-maishiy zo’ravonlik inson huquqlari va erkinliklarining buzilishiga olib keladigan jiddiy muammodir. Bugungi kunda dunyoning ko’plab davlatlari qatorida O’zbekistonda ham oilaviy zo’ravonlikka qarshi kurashish davlat siyosatining muhim yo’nalishlaridan biriga aylangan.
Oilaviy-maishiy zo’ravonlik deganda oila a’zosi yoki birga yashovchi shaxs tomonidan boshqa shaxsga nisbatan jismoniy, ruhiy, iqtisodiy yoki jinsiy tazyiq o’tkazish tushuniladi. Bunday harakatlar jabrlanuvchining huquq va erkinliklarini cheklaydi, uning sog’lig’iga va ruhiy holatiga zarar yetkazadi.
Oilaviy zo’ravonlikning asosiy sabablari quyidagilardan iborat:
- Oiladagi nizolar va kelishmovchiliklar;
- Huquqiy madaniyatning pastligi;
- Spirtli ichimliklar va boshqa zararli odatlar;
- Iqtisodiy muammolar;
- Noto’g’ri tarbiya va salbiy ijtimoiy muhit;
- Gender tengligi tamoyillarini yetarli darajada anglamaslik.
O’zbekiston Respublikasida oilaviy-maishiy zo’ravonlikka qarshi kurashish quyidagi normativ-huquqiy hujjatlarga asoslanadi:
- O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi;
- Xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish to’g’risidagi qonun;
- Huquqbuzarliklar profilaktikasi to’g’risidagi Qonun;
- O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi;
- O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksi.
So’nggi yillarda qonunchilikka kiritilgan o’zgartishlar bilan oilaviy zo’ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirildi.
Oilaviy-maishiy zo’ravonlikning oldini olish choralari:
Huquqiy targ’ibot ishlarini kuchaytirish, aholi o’rtasida oilaviy munosabatlar madaniyati va inson huquqlari bo’yicha tushuntirish ishlarini muntazam olib borish zarur.
Himoya orderidan samarali foydalanish, zo’ravonlikdan jabrlangan shaxslarni tezkor himoya qilish maqsadida himoya orderini qo’llash muhim ahamiyatga ega.
Oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, nikoh va oila qadriyatlarini targ’ib qilish nizolarning oldini olishga xizmat qiladi.
Psixologik va ijtimoiy yordam ko’rsatish, jabrlangan shaxslarga psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko’rsatish tizimini rivojlantirish zarur.
Oilaviy-maishiy zo’ravonlik inson huquqlariga qarshi qaratilgan jiddiy huquqbuzarlik hisoblanadi. Uni bartaraf etish uchun huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, profilaktika choralarini kuchaytirish va jabrlanuvchilarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi. Faqat davlat organlari va jamiyatning birgalikdagi sa’y-harakatlari orqali oilada sog’lom muhit va xavfsiz hayotni ta’minlash mumkin.
Jinoyat ishlari bo’yicha
Denov tuman sudining raisi: S.Bo’tayev