Bugungi kunda dunyoda sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va boshqa muhim yo‘nalishlarda asosiy vositalardan biriga aylanmoqda. Sun’iy intellekt texnologiyalari davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham bu sohada tizimli islohotlar amalga oshirilib, mamlakatimiz sun’iy intellektni tatbiq etish bo‘yicha xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqoriladi. Hozirda O‘zbekiston 188 davlat ichida 70-o‘rinni, Markaziy Osiyo bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Institutda ham “Sun’iy intellekt” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oxirgi ikki o‘quv yilida qabul amalga oshirildi. Bugun institut rektori O.Ruziyev 1-bosqichga qabul qilingan mazkur ta’lim yo‘nalishi talabalari bilan yaqindan suhbat qurdi.
Suhbat mobaynida sun’iy intellektni rivojlantirishda eng muhim omil – malakali kadrlar tayyorlash ekanligi ta’kidlandi.
Mazmunli tashkil etilgan debat davomida sohada kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida ko‘plab dasturlar amalga oshirilayotganligi, “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” milliy dasturi doirasida yoshlar uchun aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalari ishga tushirilganligi, ularda SI bo‘yicha 5 ta bepul onlayn o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yilganligi, dastur doirasida 2027 yilga qadar 1 million nafar yosh sun’iy intellekt sohasidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi haqida so‘z bordi.