Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham jamoat xavfsizligi, aholi salomatligi hamda yoshlar kelajagiga jiddiy tahdid soluvchi muammolardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, yoshlarning mazkur illat ta’siriga tushib qolishi nafaqat ularning sog‘lig‘iga, balki jamiyat barqarorligi va mamlakat taraqqiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, ularning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish hamda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga giyoxvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘isida”gi 2026 yil 11 iyun kunidagi qonuni bilan jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, ushbu toifadagi jinoyatlarga jazo choralari ham kuchaytirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Qonunchilikda ushbu moddalarni noqonuniy tayyorlash, saqlash, tashish, o‘tkazish va sotish kabi harakatlar uchun og‘ir jazo choralari nazarda tutilgan.
Bu esa jamiyatni ushbu xavfli jinoyatlardan muhofaza qilishga xizmat qiladi. Yoshlarni giyohvandlikka jalb etishning asosiy omillari sifatida huquqiy bilimning yetarli emasligi, salbiy muhit, internet orqali tarqatilayotgan noqonuniy takliflar, yengil daromad topish istagi hamda nosog‘lom turmush tarzi qayd etiladi.
Shu bois profilaktika ishlarini ta’lim muassasalari, mahalla, oila va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida muntazam tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Profilaktikaning samarali usullari quyidagilardan iborat:
yoshlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish;
giyohvandlikning tibbiy va huquqiy oqibatlari haqida doimiy tushuntirish ishlarini olib borish;
sport, ilm-fan va madaniy tadbirlarga yoshlarni keng jalb qilish;
internet orqali tarqatilayotgan noqonuniy giyohvandlik targ‘ibotiga qarshi kurashish;
ota-onalar va pedagoglarning mas’uliyatini oshirish.
Xulosa qilib aytganda, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Yoshlarni vatanparvarlik, qonunga hurmat va sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalash orqali ushbu illatning oldini olish mumkin. Har bir fuqaro qonunlarga rioya qilishi va giyohvandlikka qarshi kurashda faol ishtirok etishi jamiyat xavfsizligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Denov tuman sudining sudyasi B.M.Diyorov