Odam savdosi inson huquq va erkinliklariga qarshi qaratilgan og’ir jinoyatlardan biri hisoblanadi. Ushbu jinoyat insonni aldash, majburlash, tahdid qilish yoki boshqa noqonuniy usullar orqali mehnat yoki jinsiy ekspluatasiyaga jalb qilish bilan tavsiflanadi. Odam savdosi nafaqat alohida shaxs manfaatlariga, balki jamiyat va davlat xavfsizligiga ham jiddiy tahdid soladi.
Odam savdosi deganda insonlarni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish orqali ulardan foydalanish maqsadida amalga oshiriladigan noqonuniy harakatlar tushuniladi. Bunday harakatlar ko’pincha mehnat ekspluatasiyasi, majburiy mehnat, qullik yoki jinsiy ekspluatasiya shakllarida namoyon bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasida odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Odam savdosining tarqalishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar quyidagilardir:
Ishsizlik va iqtisodiy qiyinchiliklar;
Aholining huquqiy savodxonligi yetarli emasligi;
Noqonuniy migrasiya holatlari;
Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali aldov yo’li bilan ish taklif qilish.
Odam savdosining oldini olish chora-tadbirlari
Huquqiy targ’ibot ishlarini kuchaytirish, fuqarolarga odam savdosining xavfi, uning oqibatlari va himoya choralari haqida muntazam tushuntirish ishlarini olib borish muhim ahamiyatga ega.
Bandlikni ta’minlash, aholini, ayniqsa yoshlarni ish bilan ta’minlash odam savdosiga moyillikni kamaytiradi.
Migrasiya sohasida huquqiy maslahatlarni kuchaytirish, chet davlatlarga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarga qonuniy mehnat migrasiyasi tartiblari haqida to’liq ma’lumot berish zarur.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish, odam savdosi bilan shug’ullanuvchi jinoiy guruhlarni aniqlash va fosh etish bo’yicha tezkor tadbirlarni kuchaytirish lozim.
Xuolasa o’rnida shuni ta’kidlash lozim, odam savdosi inson huquqlari va erkinliklariga qarshi qaratilgan og’ir jinoyat hisoblanadi. Unga qarshi kurashishda jinoiy javobgarlik choralarini samarali qo’llash, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, mehnat migrasiyasi sohasini tartibga solish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Odam savdosining oldini olish davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va har bir fuqaroning hamkorligini talab etadi
Jinoyat ishlari bo’yicha
Denov tuman sudining raisi: S.Bo’tayev