Yoshlar o’rtasida giyohvandlik vositalari VA psixotrop moddalar bilan bog’liq jinoyatlarni oldini olish VA uning salbiy oqibatlari

Bugungi kunda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi nafaqat alohida shaxs, balki jamiyat xavfsizligi, yosh avlodning ma’naviy-axloqiy va ijtimoiy barqarorligiga jiddiy tahdid solayotgan dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, yoshlar o’rtasida bunday moddalardan foydalanish holatlarining uchrashi va ularning noqonuniy muomalasi bilan bog’liq jinoyatlarga jalb etilishi jamiyat uchun jiddiy xavf tug’diradi.
Giyohvandlik insonning nafaqat jismoniy va ruhiy holatiga, balki uning oilasi, mehnat faoliyati, ta’lim olishi va ijtimoiy muhitiga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi. Yoshlarning giyohvandlikka jalb etilishi esa kelajak avlodning sog’lom va barkamol bo’lib voyaga yetishiga to’sqinlik qiladi.
Yoshlarning giyohvandlikka jalb etilish sabablari
yoshlar o’rtasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog’liq huquqbuzarlik hamda jinoyatlarning sodir etilishiga bir qator omillar sabab bo’lishi mumkin.
Jumladan:
oiladagi nosog’lom muhit va nazoratning yetarli emasligi;
yoshlarning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etmaslik;
salbiy muhit va noto’g’ri do’stlar ta’siri;
giyohvandlik vositalarining zarari haqidagi huquqiy va tibbiy bilimlarning yetarli emasligi;
ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarni giyohvandlikka jalb qilish holatlari;
moddiy manfaatdorlik;
oson daromad topish istagi;
ayrim yoshlarning huquqiy ongi va mas’uliyati yetarli darajada shakllanmaganligi.
Ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda yoshlarni noqonuniy ravishda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar muomalasiga jalb etish xavfli tendensiyalardan biridir.
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalardan foydalanish inson organizmiga jiddiy zarar yetkazishi bilan birga, uning ijtimoiy hayotiga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Giyohvandlikka berilgan shaxslarda sog’liqning yomonlashishi, ruhiy holatning o’zgarishi, oilaviy munosabatlarning buzilishi, ta’lim va mehnat faoliyatiga qiziqishning pasayishi kabi salbiy holatlar kuzatilishi mumkin.
Bundan tashqari, giyohvandlik bilan bog’liq jinoyatlarning sodir etilishi boshqa turdagi jinoyatlarga ham sabab bo’lishi mumkin. Xususan, giyohvandlik vositalarini qo’lga kiritish maqsadida mulkiy jinoyatlar, zo’ravonlik bilan bog’liq qilmishlar va boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi ehtimoli ortib boradi.
Eng achinarlisi, yosh shaxsning giyohvandlik vositalari bilan bog’liq jinoyat sodir etishi uning kelgusi hayoti, ta’lim olishi, kasbiy faoliyati va jamiyatdagi o’rniga jiddiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog’liq qilmishlar uchun javobgarlik belgilangan.
Xususan, O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar bilan bog’liq turli qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Bunday qilmishlar qatoriga giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallash, saqlash, tashish, o’tkazish, shuningdek, ularni tayyorlash yoki boshqa shaxslarni bunday vositalarni iste’mol qilishga jalb etish bilan bog’liq harakatlar kiradi.
Jinoiy javobgarlikning belgilanishidan asosiy maqsad faqat jazolash emas, balki giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, jamiyat va ayniqsa yoshlarni bunday xavfdan himoya qilishdan iboratdir.
Jinoyatlarning oldini olishda profilaktikaning ahamiyati
Yoshlar o’rtasida giyohvandlik bilan bog’liq jinoyatlarning oldini olishda faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati bilan cheklanib qolish samarali natija bermaydi. Bu borada oila, ta’lim muassasalari, mahalla, jamoat tashkilotlari va keng jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyatga ega.
Avvalo, yoshlarga giyohvandlikning tibbiy, huquqiy va ijtimoiy oqibatlarini tushuntirish zarur. Profilaktik tadbirlarda qo’rqitish yoki jazo haqida gapirish bilan cheklanmasdan, yoshlarning muammolarini o’rganish, ularga psixologik va ijtimoiy ko’mak ko’rsatishga ham alohida e’tibor qaratish lozim.
Shuningdek, yoshlarni sport, ta’lim, kasb-hunar va ijodiy faoliyatga keng jalb etish ularning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog’liq jinoyatlarning oldini olishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish muhimdir.
Jumladan, yoshlar o’rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy tarqatilishi kanallarini aniqlash, internet orqali amalga oshirilayotgan noqonuniy savdoga qarshi kurashish, huquqiy targ’ibot ishlarini kuchaytirish hamda jinoyat sodir etishga moyil bo’lgan yoshlar bilan individual profilaktik ishlarni tashkil etish zarur.
Bunda asosiy e’tibor jinoyat sodir etilganidan keyin unga qarshi kurashishga emas, balki jinoyat sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini oldindan aniqlash hamda ularni bartaraf etishga qaratilishi maqsadga muvofiq.
Yoshlar o’rtasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog’liq jinoyatlarning oldini olish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Yoshlarni bunday illatdan himoya qilish uchun, avvalo, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish, bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, oila va ta’lim muassasalarida samarali tarbiyaviy ishlarni olib borish zarur.
Shu bilan birga, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi qonunchilikda belgilangan choralarning qat’iy va adolatli qo’llanilishi, profilaktik tadbirlarning manzilli tashkil etilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, yoshlarni giyohvandlikdan asrash — faqat bir shaxs yoki bir tashkilotning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Sog’lom va huquqiy ongi yuksak yoshlar — mamlakatning barqaror taraqqiyoti va munosib kelajagining asosiy kafolatidir.
Jinoyat ishlari bo’yicha
Denov tuman sudining sudyasi B.M.Diyorov