Mayda bezorilik hamda jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilish bilan bog’liq huquqbuzarliklarning oldini olish

25/08/2026

Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda jamoat tartibini saqlash huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, jamoat joylarida sodir etiladigan mayda bezorilik va spirtli ichimlik iste’mol qilish bilan bog’liq huquqbuzarliklar aholi osoyishtaligiga salbiy ta’sir ko’rsatib, boshqa, yanada og’ir huquqbuzarliklarning sodir etilishiga zamin yaratishi mumkin.
Mayda bezorilik, avvalo, jamoat tartibiga hurmatsizlik bilan munosabatda bo’lish, fuqarolarning osoyishtaligini buzish, jamoat joylarida haqoratomuz so’zlar bilan so’kinish, shaxslarga nisbatan haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda namoyon bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksida mayda bezorilik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Bunda huquqbuzarning qilmishi, uning oqibatlari, sodir etilish holatlari va boshqa yuridik ahamiyatga ega bo’lgan holatlar inobatga olinadi.
Shu bilan birga, jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilish ham jamoat tartibi va aholi osoyishtaligiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan huquqbuzarliklardan biri hisoblanadi. Spirtli ichimlik iste’mol qilgan shaxsning o’z xatti-harakatlarini nazorat qilish qobiliyati pasayishi natijasida janjal, haqorat, mayda bezorilik, oilaviy nizo, transport sohasidagi huquqbuzarliklar va boshqa salbiy holatlar kelib chiqishi ehtimoli ortib boradi.
         Shu sababli bunday huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda faqatgina jazo choralarini qo’llash bilan cheklanib qolmasdan, ularning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Huquqbuzarliklarning oldini olish — muhim vazifa
Mayda bezorilik va jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilish bilan bog’liq huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktika ishlarini tizimli ravishda tashkil etish lozim.
           Xususan, mahallalarda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o’tkazish, ularning oilaviy va ijtimoiy muhitini o’rganish, spirtli ichimlikka ruju qo’ygan shaxslar bilan profilaktik ishlarni tashkil etish samarali natija beradi.
           Shuningdek, yoshlar o’rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, ularga jamoat tartibiga rioya qilishning ahamiyatini tushuntirish, spirtli ichimliklarning inson salomatligi va ijtimoiy hayotiga salbiy ta’siri haqida targ’ibot ishlarini olib borish ham muhim profilaktik choralardan hisoblanadi.
           Huquqbuzarliklarning oldini olishda ichki ishlar organlari, mahalla faollari, ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari va keng jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyatga ega.
          Har qanday huquqbuzarlikka huquqiy baho berishda qonuniylik va adolat tamoyillariga qat’iy rioya qilinishi shart. Shaxsning aybi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda isbotlangan taqdirdagina unga nisbatan tegishli ma’muriy ta’sir chorasi qo’llanilishi mumkin.
Bunda huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan qo’llaniladigan choraning maqsadi faqat jazolash emas, balki uni qayta huquqbuzarlik sodir etishdan tiyish, huquqiy ongini oshirish va jamiyatda belgilangan xulq-atvor qoidalariga rioya qilishini ta’minlashdan iborat bo’lishi lozim.
Ayniqsa, mayda bezorilikka o’z vaqtida huquqiy baho berish muhimdir. Chunki jamoat tartibiga nisbatan e’tiborsizlik va jazosizlik hissi keyinchalik yanada xavfli huquqbuzarliklarning sodir etilishiga olib kelishi mumkin.
           Mayda bezorilik hamda jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilish bilan bog’liq huquqbuzarliklar jamiyatdagi tinchlik va osoyishtalikka salbiy ta’sir ko’rsatadigan omillardan biridir.
Ularning oldini olishda qonun talablariga qat’iy rioya qilish, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning javobgarligini ta’minlash bilan bir qatorda, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish va jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish zarur.

 Zero, jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Har bir fuqaroning qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo’lishi, o’z huquq va majburiyatlarini anglashi jamiyatda huquqbuzarliklarning kamayishiga va barqaror osoyishtalik qaror topishiga xizmat qiladi.

 

 

Jinoyat ishlari bo’yicha

Denov tuman sudining sudyasi                                                                                                                                      B.M.Diyorov