DENOV TADBIRKORLIK VA PEDAGOGIKA INSTITUTIDA XALQARO AKADEMIK HAMKORLIK KENGAYMOQDA
21/09/2026
2026-yil 21-sentabr kuni Denov tadbirkorlik va pedagogika institutiga Tojikiston Respublikasining Rasht tumanidagi Pedagogika instituti delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida hamkor oliy ta’lim muassasasining 6 nafar talabasi bir semestrlik akademik mobillik dasturi asosida institutimizda tahsil olish uchun qabul qilindi. Talabalarga Rasht pedagogika institutining ikki nafar vakili — Sotsiologiya kafedrasi mudiri Fakerov Faraxruz Loikovich hamda Xususiy huquq kafedrasi mudiri, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Muqimi Safarbek Davlatbek hamrohlik qildi.
Delegatsiya institut rektori Oybek Abdimuminovich Ruziyev boshchiligidagi rahbariyat tomonidan qabul qilindi. Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi mavjud hamkorlikni yanada rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik mobilligini kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, konferensiya va seminarlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Rasht tumanidagi Pedagogika instituti 2013-yildan mustaqil oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda hamda Rasht vodiysida pedagog kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan muhim ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi.
Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish, akademik almashinuvni rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.