Bugun sizlar uchun hayotingizdagi yangi va unutilmas davr — talabalik yillari boshlanmoqda. Auditoriyaga qo‘yadigan ilk qadamingiz shunchaki darsning boshlanishi emas, balki kelajakdagi kasbiy faoliyatingiz, orzu va maqsadlaringiz sari tashlangan muhim qadamdir.
Talabalik — bu faqat bilim olish davri emas. Bu insonning dunyoqarashi shakllanadigan, mustaqil fikrlashni, izlanishni, o‘z ustida ishlashni va hayotda munosib o‘rin egallashni o‘rganadigan eng qadrli davrdir.
Aziz yoshlar! Institutimizda sizlar uchun sifatli ta’lim olish, o‘z iqtidoringizni namoyon etish, ilmiy va ijodiy izlanishlar olib borish, sport hamda jamoat ishlarida faol ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalaning.
Talabalik davringiz muborak bo‘lsin, aziz yoshlar!
Hurmat bilan, O. A. Ruziyev Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori