🙂 Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning adabiyot va san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ijodkor yoshlarni rag‘batlantirish hamda ularni taniqli ijodkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ijodkor, shoir va adabiyot vakili Mengnor Ollamurodov bilan talaba-yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.
📌Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuvda institutning faol va ijodkor talabalari, professor-o‘qituvchilar hamda yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida bugungi yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ijodkorlik qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash va yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
⭐️ Uchrashuv davomida Mengnor Ollamurodov o‘zining ijodiy faoliyati, adabiyotga kirib kelish yo‘li, ijod jarayoni hamda hayotiy tajribalari haqida talaba-yoshlarga so‘zlab berdi. Yoshlarni kitob mutolaasiga, mustaqil fikrlashga, izlanishga va o‘z ustida muntazam ishlashga chorlab, ijodkorlik insondan katta mehnat, sabr-toqat va izlanishni talab etishini ta’kidladi. Shuningdek, ijodkor yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning yangi g‘oya va tashabbuslari mamlakatimiz ma’naviy hayotida muhim ahamiyat kasb etishi haqida fikrlar bildirildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ijodkor bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordilar. Tadbir davomida institutda tahsil olayotgan ijodkor talaba-yoshlarning she’riy va ijodiy namunalari ham tinglandi. Yosh ijodkorlarning chiqishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, ularning ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash va kelgusida yangi loyihalarda ishtirokini ta’minlash zarurligi qayd etildi. Bunday uchrashuvlar talaba-yoshlarning ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini boyitish, ularning ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, adabiyot va san’atga bo‘lgan mehrini yanada mustahkamlash hamda yoshlarni ezgu maqsadlar sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
✅Uchrashuv yakunida ishtirokchilar Mengnor Ollamurodovga samimiy muloqot va qimmatli fikrlari uchun minnatdorlik bildirib, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish istagini bildirdilar.