Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar

30/07/2026

Insonning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish davlatning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi har bir shaxsning yashash va sog‘lig‘ini muhofaza qilish huquqini kafolatlaydi. Shu bois inson sog‘lig‘iga qarshi qaratilgan jinoyatlar, ayniqsa qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq qilmishlar jinoyat qonunchiligida alohida muhofaza obyekti sifatida belgilangan.
          Bunday jinoyatlar nafaqat jabrlanuvchining sog‘lig‘iga, balki uning mehnat qilish qobiliyati, hayot sifati hamda jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish aybdor shaxsning qasd bilan boshqa shaxsning sog‘lig‘iga og‘ir darajada zarar yetkazishi hisoblanadi.

Bunday shikastlar natijasida jabrlanuvchining hayoti xavf ostida qolishi, ko‘rish, eshitish yoki boshqa a’zolarining funksiyalari yo‘qolishi, ruhiy kasallik yuzaga kelishi, mehnat qobiliyatining sezilarli darajada yo‘qolishi yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishi mumkin.

Bu turdagi jinoyatlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan qilmishlar sifatida belgilangan.

Xususan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasida mazkur toifadagi ishlari ishlar bo‘yicha jazo turlari ko‘rsatib o‘tilgan.

Ushbu jinoyatning obyekti insonning sog‘lig‘i hisoblanadi. Obyektiv tomoni esa og‘ir tan jarohati yetkazishga qaratilgan harakat yoki harakatsizlik hamda kelib chiqqan oqibat va ular o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish bilan tavsiflanadi.

Subyektiv tomondan ushbu jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd bilan sodir etiladi. Aybdor o‘z harakatining xavfli xususiyatini anglaydi va og‘ir shikast yetkazish oqibati yuz berishini xohlaydi yoki bunga ongli ravishda yo‘l qo‘yadi.

Amaliyotda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatlarining kelib chiqishiga quyidagi omillar sabab bo‘ladi:

-oilaviy nizolar va maishiy kelishmovchiliklar;

-spirtli ichimliklar yoki giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lish;
-shaxsiy adovat va o‘ch olish istagi;

-bezorilik va tajovuzkor xulq-atvor;

-huquqiy madaniyatning pastligi hamda nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish ko‘nikmasining yetarli emasligi.

Mazkur turdagi jinoyatlarning oldini olish uchun quyidagi choralarni amalga oshirish muhim hisoblanadi:

aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish;

oilaviy nizolarni erta aniqlash va profilaktik choralar ko‘rish;

yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish;

spirtli ichimliklar hamda giyohvand moddalar iste’molining oldini olish;

huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla va ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish.

Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar inson sog‘lig‘i va hayotiga jiddiy xavf tug‘diradigan ijtimoiy xavfli qilmishlardir. Ularning oldini olishda faqat jinoiy jazo choralari emas, balki huquqiy tarbiya, profilaktika, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish ham muhim ahamiyatga ega. Davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va har bir fuqaroning hamkorligi orqali mazkur turdagi jinoyatlarning kamayishiga erishish mumkin.

 

Surxondaryo viloyat sudi

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Sudlov hay’ati sudyasi                                                                  S.B.Bo‘tayev