JICA vakillari Denovda istiqbolli hamkorlik masalalarini muhokama qildi
29/07/2026
🇯🇵 Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning “Bir mahalla – bir mahsulot” loyihasi rahbari Yuki Kawada xonim hamda Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori Oybek Roʻziyev o‘rtasida samimiy va do‘stona ruhda uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
🤝 Uchrashuv davomida Denov tumanining boy tarixiy-madaniy merosi, xususan, buddaviylik davriga oid qadimiy yodgorliklar yapon delegatsiyasida katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, kelgusida Denov tumanida Yaponiya milliy markazini tashkil etish istiqbollari ham muhokama qilindi.
🌿 Institut olimlari tomonidan lavanda o‘simligini chuqur qayta ishlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ilmiy ishlanmalar, jumladan, lavandadan yostiqlar hamda efir moyi ishlab chiqarish loyihalari taqdim etildi. JICA vakillari ushbu innovatsion tashabbuslarni yuqori baholab, ularni rivojlantirish imkoniyatlariga alohida qiziqish bildirdilar.
📚 Shuningdek, uchrashuv doirasida “Surxondaryo viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, jumladan, Afg‘oniston fuqarolarining o‘zini o‘zi band qilish orqali mintaqada iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan Training of Trainers (ToT) dasturiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur dastur Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida (ECTAC) O‘zbekiston–Yaponiya Markazi (UJC) mutaxassislari ishtirokida boshlandi. Treninglar trenerlar salohiyatini oshirish, zamonaviy tadbirkorlik va biznes boshqaruvi bo‘yicha bilim hamda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan.
👨🏫 Mazkur o‘quv dasturida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari ham faol ishtirok etmoqda.
🇺🇳 Loyiha BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
🇺🇿🇯🇵 Ushbu tashabbuslar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.