Yangiliklar Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash: muammo va uning huquqiy yechimlari 17/04/2026 Bugungi kunda yer resurslaridan oqilona foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shunga qaramay, ayrim holatlarda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari uchrab, bu esa qonun ustuvorligiga, fuqarolarning huquq va manfaatlariga hamda iqtisodiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash deganda, tegishli ruxsatnomalarsiz, davlat organlarining qarorisiz yoki qonuniy asoslar bo‘lmagan holda yer maydonlaridan foydalanish yoki uni egallab olish tushuniladi. Bunday harakatlar ko‘pincha noqonuniy qurilishlar, yer maydonlarini o‘zlashtirib olish yoki boshqa maqsadlarda foydalanish shaklida namoyon bo‘ladi. Mazkur huquqbuzarlikning asosiy sabablari sifatida aholi o‘rtasida huquqiy ong va madaniyatning yetarli darajada shakllanmaganligi, yer ajratish tartiblarining murakkabligi, shuningdek, ayrim hollarda nazorat mexanizmlarining sustligi ko‘rsatib o‘tiladi. Bundan tashqari, iqtisodiy manfaatdorlik ham ushbu turdagi huquqbuzarliklarning sodir etilishiga turtki bo‘layotgan omillardan biridir. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Xususan, bunday harakatlar uchun jarimalar, noqonuniy qurilmalarni buzdirish, yer uchastkasini qaytarish kabi choralar qo‘llaniladi. Agar ushbu harakatlar og‘ir oqibatlarga olib kelsa yoki takroran sodir etilsa, jinoiy javobgarlik ham yuzaga keladi. Mazkur muammoning oldini olish uchun bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimdir. Avvalo, yer ajratish jarayonlarini soddalashtirish va shaffofligini ta’minlash zarur. Shu bilan birga, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yer hisobi va nazorat tizimini takomillashtirish lozim. Aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash jamiyat va davlat manfaatlariga zid bo‘lgan huquqbuzarlik hisoblanadi. Ushbu illatga qarshi kurashishda qonun ustuvorligini ta’minlash, javobgarlik choralarini muqarrar qo‘llash hamda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Xususan O‘zbekiston Respublikasi JKning 2291-moddasida, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish bo‘yicha javobgarlik asoslari keltirilgan bo‘lib, ushbu moddaning birinchi qismida, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa javobgarlik keltirib chiqaradi. Mazkur moddaning 2-qismida, sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish kiritilgan. Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ta’minlasa hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining sudyasi B.M.Diyorov 18 Post navigation AvvalgiXUSHXABARKeyingiKIBЕRXAVFSIZLIK JINOYATLARI: ZAMONAVIY TAHDIDLAR VA ULARGA QARSHI KURASHISH MASALALARI