Hurmatli va qadrli jamoa, ustozlar, xodimlar va talaba qizlar!

08/03/2026

Avvalo, Sizlarni kirib kelayotgan bahorning eng go‘zal va quvonchli ayyomi – 8-mart “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan chin qalbimizdan samimiy muborakbod etamiz. Ushbu quvonchli kun butun dunyoda ayollarga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtirom, ularning jamiyat hayotidagi beqiyos o‘rni va xizmatlarini e’tirof etish va qadrlash ramzi sifatida keng nishonlanadi.
Ayol – hayot chirog‘i, mehr-muhabbat manbayi, oila va jamiyatning mustahkam ustunidir. Siz aziz ayollar o‘z mehringiz, sabr-toqatingiz, donoligingiz hamda fidokorona mehnatingiz bilan nafaqat oilangizga, balki mehnat jamoamiz hayotiga ham fayz, baraka va iliqlik bag‘ishlab kelmoqdasiz. Sizlarning har biringiz o‘z kasbingizga bo‘lgan sadoqatingiz, mas’uliyatingiz va tashabbuskorligingiz bilan mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotganingiz tahsinga sazovor.

Bugungi kunda ayollar jamiyatning barcha sohalarida faol ishtirok etib, ilm-fan, ta’lim, madaniyat, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotda yuksak natijalarga erishib kelmoqdalar. Sizlarning bilim va salohiyatingiz, matonat va qat’iyatingiz tufayli ko‘plab ezgu ishlar amalga oshmoqda, kelajak avlodni tarbiyalashda ulkan hissa qo‘shmoqdasizlar.

Shu ulug‘ ayyomda Sizlarga eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz. Doimo sog‘-salomat bo‘ling, qalbingizni quvonch va baxt tark etmasin. Oilangizda tinchlik, xonadoningizda fayz-u baraka, hayotingizda esa ulkan muvaffaqiyatlar hamisha hamroh bo‘lsin. Yurtimiz ravnaqi va jamiyat taraqqiyoti yo‘lida olib borayotgan sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilaymiz.
Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida ham Vatan ravnaqi uchun fidokorona mehnat qilayotgan olima va faol ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bugungi kunda institutimizda 222 nafar xodima, 118 nafar professor-o‘qituvchi ayol-qizlar faoliyat ko‘rsatib, 8045 nafar talabalarimizdan 3840 nafar talaba qizlar tashkil etishi. Ayol professor-o’qituvchilarimizning 3 nafar fan doktori (DSc), 22 nafar falsafa doktori (PhD), 1 nafar professor va 12 nafar dotsent, 70 dan ortiq tayanch doktaranturada, mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy ish qilauotganligi, xorijiy hamkor OTMlarida malaka oshirayotganligi quvonchlidir. Shuningdek, Muhtaram Prezidentimizdan davlat mukofatlari, medal va ko’krak nishoni sohibalari hamda sport turlari bo’yicha viloyat, respublika, halqaro, johon chempionlari faoliyat yuritayotganligi. El-yurti jamg’armasi, 100 dan ortiq Prezident, davlat, rektor stipendiatlari, yil talabalari ta’lim olayotganligini alohida e’tirof qilmoqchiman.
Aziz va muhtaram ayollar! Ushbu ulug‘ ayyomda mustahkam sog‘lik, cheksiz baxt-saodat, oilaviy totuvlik va ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Chehrangizdan tabassum, qalbingizdan mehr arimasin, har bir kuningiz bahoriy gullardek go‘zal, hayotingiz quvonchlarga boy bo‘lsin!

Hurmat bilan,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori
O. Ruziyev