Bitiruvchilar bandligini taʼminlashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi

13/11/2025

Prezidentning 2025-yil 3-noyabrdagi PQ–328-son qarori (https://lex.uz/ru/docs/-7808442) bilan “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–61-son qaror (https://lex.uz/ru/docs/7386917)ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur hujjat bilan bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishiga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi.

Jumladan, endilikda:

🔹 bitiruvchilar va ularni ishga olgan tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtiriladi;
🔹 “Kelajakka qadam” dasturi tijorat banklari oʻrtasida kengaytiriladi;
🔹 oliy taʼlim dasturlariga biznes koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan fanlar kiritiladi;
🔹 bitiruvchilar bandligini monitoring qilish tartibi yangilanadi;
🔹 bitiruvchilar tomonidan amalga oshiriladigan startap va innovatsion loyihalar grant mablagʻlari orqali qoʻllab-quvvatlanadi.

Qarorga muvofiq, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorida mablagʻ ajratilib, u vakolatli tijorat banklari oʻrtasida taqsimlanadi. Ushbu mablagʻ bitiruvchilar amaliyotini moliyalashtirish, startap va innovatsion loyihalarga grantlar berish hamda tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish uchun yoʻnaltiriladi.

Bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlarga 7 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davr bilan, 5 milliard soʻmgacha bo‘lgan kreditlar taqdim etiladi. Har bir milliard soʻmlik kredit uchun tadbirkor kamida bitta bitiruvchini ishga qabul qilishi shart etib belgilangan.

Shuningdek, talabalarning amaliyoti xarajatlarini moliyalashtirish uchun oliy taʼlim muassasasi, ish beruvchi va talaba oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Zaruratga koʻra, talabalar xorijdagi qisqa muddatli kurslarda ishtirok etish imkoniyatiga ham ega boʻladi.

Qarorda “Kelajakka qadam” dasturida ishtirok etuvchi sakkizta tijorat banki roʻyxati va mablagʻ taqsimoti ham tasdiqlandi.