🏛 Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida “Rahbar va xotin-qizlar muloqoti: Yangi o‘quv yilidagi ustuvor vazifalar” mavzusida Xotin-qizlar maslahat kengashining dastlabki yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim muassasasining barcha ayol professor-o‘qituvchilari, xodimlari, tyutorlari va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari ishtirok etib, yangi o‘quv yilida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarni kelishib oldilar.
❇️ Tadbir davomida kun tartibidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, institut rektori O.Ruziyev yangi o‘quv yilida jamoadagi xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda mehnat samaradorligini yanada yaxshilash yuzasidan o‘zining amaliy tavsiyalarini berdi.
✨ Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi N.Xasanova ayollarga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar, ularning qonuniy huquq va manfaatlari hamda institutning ichki tartib-qoidalari bilan yig‘ilganlarni tanishtirgan bo‘lsa, psixolog D.Xolmuminova xotin-qizlar va talaba-qizlarning murojaatlari bilan ishlash tizimi hamda ularga ko‘rsatiladigan ijtimoiy-psixologik yordam xususida to‘xtalib o‘tdi.
🖋 Samimiy ruhda va ochiq muloqot tarzida o‘tgan yig‘ilish yakunida “Turli masalalar” doirasida ishtirokchilarni qiziqtirgan savol-javoblar o‘tkazilib, bildirilgan takliflar va murojaatlar asosida kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.