Giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq jinoyatlar va ularning salbiy oqibatlari
25/11/2026
Giyohvandlik bugungi kunda jamiyat oldida turgan eng dolzarb muammolardan biridir. Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi inson salomatligi, yoshlar kelajagi va jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270–276-moddalarida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq noqonuniy harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Giyohvandlik inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazib, turli kasalliklar, ruhiy buzilishlar va ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, oilaviy munosabatlarning buzilishi, farzandlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda boshqa jinoyatlarning sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, yoshlarni giyohvandlik balosidan asrash, ularning huquqiy madaniyatini oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish muhim vazifalardan biridir. Giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Zero, sog‘lom avlod — yurt kelajagi va taraqqiyotining mustahkam poydevoridir. Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda profilaktik tadbirlarning ahamiyati katta. Bunda ta’lim muassasalari, mahalla faollari, ota-onalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorligi muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish, ularni zararli odatlardan asrash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish lozim. Shuningdek, fuqarolar giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi va tarqatilishi holatlariga befarq bo‘lmasligi, bunday holatlar haqida tegishli organlarga xabar berishi zarur. Giyohvandlik — inson hayoti, oila farovonligi va jamiyat kelajagiga tahdid soluvchi illatdir. Unga qarshi kurashishda qonun talablariga rioya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va yosh avlodni sog‘lom ruhda tarbiyalash har birimizning burchimizdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining sudyasi B.M.Diyorov