DTPIda iqtidorli yoshlarga imkon: ilm-fan olimpiadasi

16/05/2026

Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida yosh avlodning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning fanga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish maqsadida navbatdagi muhim tadbir – kimyo, biologiya va fizika fanlari bo‘yicha olimpiada o‘tkazildi.
Olimpiadada yoshlarning intellektual salohiyatini aniqlash, iqtidorli bitiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsad qilingan.
Olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026 yil 30 martdagi xati, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektorining 2026-yil 11-maydagi 135-A-sonli buyrug‘i asosida tuman, shahar, viloyat hamda oliy ta’lim muassasasi bosqichida o’tkazildi.
Olimpiadada Surxondaryo viloyatining shimoliy hududida joylashgan Sariosiyo, Uzun, Denov, Oltinsoy, Shurchi va Qumqo‘rg‘on tumanlarining 352 nafar umumta’lim maktablari bitiruvchilari qamrab olindi. Shulardan 1- 2- va 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar orasidan 9 nafari muddatidan oldin Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining talabasi bo‘lish sharafiga ega bo‘lishdi.
Tadbirni yuqori saviyada tashkil etish uchun institut tomonidan barcha zarur tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Olimpiada jarayonlarining shaffof va adolatli o‘tishi uchun maxsus auditoriyalar tayyorlanib, ishtirokchilarga qulay shart-sharoitlar yaratildi. Shuningdek, tajribali professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar jalb qilindi.
Bu esa nafaqat bilimlar sinovi, balki iste’dodlarni kashf etish, ularni kelajakda yetuk mutaxassislar sifatida shakllantirish sari qo‘yilgan muhim qadamlardan biridir.
Ishtirokchilar orasida 1- 2- va 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchi orasidan 9 nafari muddatidan oldin Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti grantiga ega chiqib, talaba bo‘lish sharafiga ega bo‘lishdi.
DTPI rektori O.Ruziyev Olimpiada g‘oliblariga “Institut granti”ni topshirar ekan, kelajak uchun sarflangan sarmoya mahsulini ko‘rishdek baxtni his qilayotgan ota-onalariga va ustozlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Bo‘lajak talabalarga bilim berilishi, institutda mavjud to‘garaklar, laboratoriyalar xususida ma’lumotlar berildi.
Samimiy muloqotlar so‘ngida ishtirokchilarga sertifikatlar, “Institut granti” hamda sovg‘alar topshirildi.