Firibgarlik jinoyati, xususan, kibеrjinoyatchilik va uning oldini olish choralari

23/11/2026

Bugungi globallashuv va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan davrda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari inson hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Internet tarmog‘i, mobil ilovalar, elektron to‘lov tizimlari va onlayn xizmatlardan foydalanish kundalik hayotimizni ancha yengillashtirmoqda. Shu bilan birga, ushbu imkoniyatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari, xususan, internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik jinoyatlari ham ortib bormoqda.
Firibgarlik — o‘zganing mol-mulkini aldash yoki ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritishga qaratilgan jinoiy qilmishdir. Bunday jinoyatlar nafaqat fuqarolarning moddiy zarar ko‘rishiga, balki ularning huquq va qonuniy manfaatlariga ham jiddiy putur yetkazadi.
Kiberfiribgarlik — zamonaviy tahdid
Bugungi kunda firibgarlik jinoyatlarining yangi ko‘rinishi sifatida kiberfiribgarlik alohida xavotir uyg‘otmoqda. Kiberfiribgarlik axborot texnologiyalari, internet tarmog‘i va elektron aloqa vositalaridan foydalanib, fuqarolarni aldash orqali ularning pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkini qo‘lga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlardir.
Kiberfiribgarlikning eng ko‘p uchraydigan ko‘rinishlariga quyidagilar kiradi:
Bank xodimi yoki boshqa mas’ul shaxs sifatida tanishtirib, fuqarolarning bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish.
Soxta internet-do‘konlar va ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlar orqali fuqarolarni aldash.
Turli yutuqlar, sovrinlar yoki moddiy yordam va’da qilib, pul talab qilish.
Telegram, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi soxta akkauntlar orqali firibgarlik sodir etish.
Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari va SMS tasdiqlash kodlarini noqonuniy qo‘lga kiritish.
Soxta havolalar orqali foydalanuvchilarning maxfiy ma’lumotlarini egallash.
Ayniqsa, fuqarolarning raqamli savodxonligi yetarli emasligi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish qoidalariga rioya qilmasligi kiberfiribgarlar uchun imkoniyat yaratmoqda.
Kiberfiribgarlikning oldini olish — barchamizning vazifamiz
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati yetarli emas. Bunda har bir fuqaroning hushyorligi, huquqiy bilimi va raqamli savodxonligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Har bir fuqaro quyidagi xavfsizlik qoidalariga amal qilishi lozim:
Bank kartasining maxfiy ma’lumotlari, PIN-kodi va SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlarini hech kimga bermaslik.
Noma’lum shaxslar yuborgan shubhali havolalarga kirmaslik.
Internet orqali xarid qilishda sotuvchi va uning ishonchliligini tekshirish.
Telefon orqali o‘zini bank yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirgan shaxslarga shaxsiy ma’lumotlarni bermaslik.
Ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali takliflar va asossiz daromad va’dalariga ishonmaslik.
Bank ilovalari va boshqa muhim akkauntlarda murakkab parollardan hamda ikki bosqichli himoyadan foydalanish.

Huquqiy javobgarlik va profilaktika choralari
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida firibgarlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasida firibgarlik jinoyati uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Kiberjinoyatlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va fosh etish, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Bu borada profilaktik targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, ta’lim muassasalari, mahallalar va mehnat jamoalarida tushuntirish ishlarini olib borish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholiga zarur ma’lumotlarni yetkazish muhim ahamiyatga ega.
Fuqarolar firibgarlik holatiga duch kelgan taqdirda, zudlik bilan bankka murojaat qilib, tegishli hisob yoki kartani himoyalash choralarini ko‘rishi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi lozim. Shubhali yozishmalar, telefon raqamlari va to‘lovga oid ma’lumotlarni saqlab qo‘yish ham tekshiruv jarayonida muhim bo‘lishi mumkin.


Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi S.Bo‘tayev