AZIZ TALABA-YOSHLAR!

17/11/2026

Sizlarni 17-noyabr — Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

Bugungi kunda Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida 8 000 nafardan ortiq talaba tahsil olayotgani, yoshlarimizning ilm-fan, ta’lim, ijod va sport sohalarida erishayotgan yutuqlari barchamizga cheksiz faxr bag‘ishlaydi.

Ayniqsa, 1 324 nafar talabaning xorijiy til sertifikatlariga ega bo‘lgani, 4 nafar talabaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi, 4 nafarining Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi, 10 nafarining Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi, 2 nafarining Mirzo Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasi hamda 2 nafarining Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgani alohida e’tirofga loyiq.

Shuningdek, 39 nafar talabaning viloyat hokimi stipendiyasi, 72 nafarining rektor stipendiyasiga sazovor bo‘lgani, 6 nafar talabaning «Mirzo Ulug‘bek vorislari» ko‘rik-tanlovining viloyat va respublika bosqichlarida faxrli o‘rinlarni egallagani, rivojlangan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida «1+1» shaklidagi qo‘shma magistratura dasturlari hamda akademik mobillik doirasida ta’lim olish imkoniyatidan unumli foydalanayotgan talabalarimiz soni ortib borayotgani institutimizning ilmiy va intellektual salohiyatini namoyon etmoqda.

Sport sohasida ham talabalarimiz yuksak marralarni zabt etmoqda. Jumladan, 2 nafar talabamiz jahon chempionati sovrindori, 6 nafari xalqaro musobaqalar sovrindori, 27 nafari respublika musobaqalari sovrindori, 5 nafari esa parasport musobaqalari sovrindori bo‘ldi. Mini-futbol jamoamiz viloyat bosqichida 1-o‘rinni, respublika bosqichida esa faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

AZIZ TALABALAR!

Sizlar mamlakatimizning ertangi kuni, jamiyatimizning intellektual kuchi va kelajagimiz bunyodkorlarisiz. Doimo bilim olishga intiling, izlanishdan to‘xtamang, oldingizga ulkan maqsadlar qo‘yib, ularni amalga oshirish yo‘lida qat’iyat bilan harakat qiling.

Institutimizda sizlarning sifatli ta’lim olishingiz, iste’dod va qobiliyatingizni namoyon etishingiz uchun barcha imkoniyatlarni yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, ilm yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi marralar va yorqin kelajak tilayman!

XALQARO TALABALAR KUNI MUBORAK BO‘LSIN!

Hurmat bilan,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori
O. Ruziyev