XALQARO TALABALAR KUNI: YUTUQLAR E’TIROF ETILDI, G‘OLIBLAR TAQDIRLANDI

17/11/2026

🇺🇿 Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida 17-noyabr — Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri hamda taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida jahon chempionatlari, xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli musobaqalarda faol ishtirok etib, faxrli 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan talaba-yoshlar alohida e’tirof etildi. Ular erishgan yutuqlari uchun institut rektorining tashakkurnomalari, pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kreativ g‘oya” respublika tanlovining institut bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar ham institut rektori tomonidan sertifikatlar va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Tadbirda institut talabalari o‘rtasida ekologiya sohasida bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, tashabbuskorlikni rivojlantirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha oʻtkazilgan “Ekologiya bilimdoni”, “Ekologik madaniyat targ‘ibotchisi”, “Eng faol ekovolontyor” hamda “Yilning eng yaxshi ekologiya himoyachisi” nominatsiyalar bo’yicha gʻoliblar ham diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanishdi.

Taqdirlash marosimi talaba-yoshlarning ilm-fan, sport, ijod va innovatsion g‘oyalar yo‘nalishlaridagi intilishlarini rag‘batlantirish, ularning salohiyatini namoyon etish hamda yangi marralar sari ruhlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

🎉 Bayram tadbirining yakunida institut rektori barcha talabalarni bayram dasturxoniga taklif etib, ular bilan samimiy muloqot qildi va bayram shukuhini yanada ko‘tardi.

Zero, bugungi e’tirof — ertangi yutuqlar uchun rag‘bat, yoshlar salohiyatiga bildirilgan ishonch va kelajakka qo‘yilgan mustahkam poydevordir!