E’LON

29/08/2026

Tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc)ga qabul: ilmiy tadqiqot ishi taqdimotiga qo’yiladigan talablar, baholash mezonlari va apellyatsiya tartibi to’g’risida

Samarqand davlat universitetining Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-98-son Farmoniga muvofiq, ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlariga oid ixtisosliklar bo‘yicha tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc)ga qabul kirish imtihoni o‘rniga ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti asosida amalga oshirilishini ma‘lum qiladi.

  1. Taqdimotga qoyiladigan asosiy talablar

— taqdimot davlat tilida tayyorlanadi; institut faoliyat yo’nalishi xususiyatidan kelib chiqib rus yoki ingliz tilida tayyorlanishiga ham yo‘l qo‘yiladi;

— PhD talabgorlari uchun taqdimot: tadqiqot mavzusi va talabgor to‘g‘risidagi ma’lumotlar, mavzuning dolzarbligi va o‘rganilganlik darajasi, tadqiqot maqsadi va vazifalari, obyekti/predmeti/qamrovi, metodologiyasi va usullari, tadqiqot g‘oyasi va ilmiy ahamiyati, amalga oshirish bosqichlari va ish rejasi, amalga oshirish imkoniyati va yakuniy asoslash bo‘limlaridan iborat bo‘ladi;

— DSc talabgorlari uchun taqdimot: yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda avvalgi ilmiy natijalar va ularning bog‘liqligi, ilmiy muammoning zamonaviy holati, tadqiqot konsepsiyasi, kutilayotgan ilmiy yangilik hamda tadqiqotni amalga oshirish strategiyasi bo‘limlarini o‘z ichiga oladi;

— taqdimotda keltiriladigan barcha ma’lumotlar ishonchli ilmiy, statistik yoki tahliliy manbalarga asoslanishi shart;

— taqdimot loyihasi hujjat topshirish jarayonida talabgor tomonidan Yagona elektron tizimga elektron shaklda yuklanadi.

  1. Baholash mezonlari

— talabgorning taqdimoti 100 ballik tizimda baholanadi;

— baholash ikki bosqichda o’tkaziladi: birinchi bosqichda hujjat topshirish jarayonida taqdim etilgan materiallar bo‘yicha dastlabki baho, ikkinchi bosqichda talabgorning og‘zaki taqdimoti va komissiya savollariga javoblari bo‘yicha yakuniy baho qo‘yiladi;

— har bir komissiya a’zosi talabgorni mustaqil baholaydi, yakuniy natija barcha a’zolar qo‘ygan ballarning o‘rtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi;

— baholash to‘liq mezonlar jadvali (ko‘rsatkichlar va ball berish shartlari bilan) ushbu e’longa ilova qilingan tegishli hujjatda keltirilgan.

  1. Apellyatsiya tartibi

— talabgor baholash natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 1 (bir) ish kuni ichida institut qabul komissiyasi nomiga yozma apellyatsiya arizasi bilan murojaat qilishi mumkin;

— apellyatsiya arizasini ko’rib chiqish uchun baholashda ishtirok etmagan a’zolardan iborat alohida apellyatsiya komissiyasi tuziladi;

— ariza kelib tushgan kundan boshlab 3 (uch) ish kuni ichida ko’rib chiqiladi va natija talabgorga yozma ravishda ma’lum qilinadi.

  1. Muhim muddatlar

— hujjat topshirish jarayonida taqdimot loyihasini Yagona elektron tizimga yuklash — belgilangan qabul muddatlarida;

— yuklangan taqdimot loyihalariga tegishli o‘zgartirish kiritish imkoniyati — 2026-yil 30-oktabrga qadar.

Qo’shimcha ma’lumot va murojaatlar uchun institutning ilmiy ishlar bo‘yicha bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin.