Surxondaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan 2025-yil 26-sentyabr kuni Denov tumani “Sina” mahallasida milliy taomlar sayli o‘tkaziladi.
Ushbu saylda viloyatimiz shahar va tumanlarining milliy uslubda bezatilgan pavilonlari tashkil etilib, hududlarning o‘ziga xos tansiq taomlari ko‘rgazmasi, ularni tayyorlash bilan bog‘liq uslublari, udum va an’analar namoyish etiladi.
Sayl davomida folklor etnografik jamoalar, milliy cholg‘u guruhlari va yosh san’atkorlarning chiqishlari, an’anaviy xalq o‘yinlari musobaqalari o‘tkaziladi.
Sayl yakunida “Eng yaxshi taom”, “Eng yaxshi oshpaz” va “Eng ko‘p milliy taom tayyorlagan oshpaz” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar saralanib, diplom, statuetka va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.