Denov tumanida Matbuot va OAV xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi

26/06/2025

Har yili 27-iyun sanasi yurtimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadigan jurnalistlar, muharrirlar, muxbirlar va barcha OAV vakillarining tinimsiz mehnatini e’tirof etish, ularni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash kuni sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 26-iyun kuni Denov tumani hokimligi tomonidan bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi Ilhom Abrorov, soha vakillari, mahalliy nashr jurnalistlari hamda OAV bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan mutasaddilar ishtirok etdi.

Tadbirni ochib bergan tuman hokimi Ilhom Abrorov bayram ishtirokchilarini samimiy tabrikladi:

— Jurnalistika — bir zumda zabt etiladigan fursat emas, u izchillik, sabr-toqat va fidoyilikni talab qiladigan mashaqqatli, ammo sharafli sohadir. Bugun sizlar yurtdoshlarimizni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari va yangiliklar bilan tezkor, aniq va xolis axborotlar orqali xabardor etib kelmoqdasiz. Sizlarning mehnatingiz orqali jamiyatda ochiqlik, shaffoflik va ishonch muhitini ta’minlashga erishilmoqda. Har qachon xalq xizmatidan charchamang. Bayramingiz muborak bo‘lsin, — dedi tuman hokimi.

Tadbir davomida jurnalistika va axborot sohasida faoliyat yuritib kelayotgan, o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan bir guruh jurnalistlar va OAV xodimlari tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ularning mehnati, jamiyat hayotiga qo‘shayotgan hissasi munosib e’tirof etildi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida jurnalistlarning kasbiy faolligini oshirish, hududdagi ijobiy o‘zgarishlarni aholiga tezkor va aniq yoritishdagi roli, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash haqida ham muhim taklif va fikrlar bildirildi.


Denov tumani hokimligi
Axborot xizmati