Har qanday demokratik jamiyatda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning manfaatlarini ta’minlash hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ushbu sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, ayollar va bolalarning huquqiy himoyasini mustahkamlashga qaratilgan qator qonun va qarorlar qabul qilindi.
Shulardan biri — “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo’yicha qo’shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Farmon hisoblanadi. Mazkur farmon jamiyatda ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash, ularga nisbatan sodir etiladigan zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha samarali tizimni shakllantirishga qaratilgan muhim huquqiy hujjatdir.
Farmonning asosiy maqsadi ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, ularga nisbatan tazyiq va zo’ravonlik holatlarini barvaqt aniqlash va bartaraf etishning samarali mexanizmlarini joriy etishdan iborat.
Farmonga muvofiq, quyidagi ustuvor vazifalar belgilangan:
ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish;
tazyiq va zo’ravonlik holatlarining oldini olish bo’yicha profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish;
jabrlangan shaxslarga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko’rsatish tizimini rivojlantirish;
davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda jamoat tashkilotlari o’rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish;
aholi o’rtasida huquqiy madaniyatni oshirish va oila institutini mustahkamlash.
Ushbu vazifalar ayollar va bolalarni har qanday tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Farmon doirasida ayollar va bolalarga nisbatan zo’ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, tazyiq va zo’ravonlik holatlarini barvaqt aniqlash, ularni oldini olish bo’yicha profilaktik ishlar samaradorligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, himoya orderlari tizimi yanada takomillashtirilib, zo’ravonlikdan jabr ko’rgan shaxslarni himoya qilish mexanizmlari mustahkamlanmoqda. Himoya orderi orqali zo’ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan ma’lum cheklovlar qo’yilib, jabrlanuvchining xavfsizligi ta’minlanadi.
Farmonga muvofiq, profilaktika inspektorlari, mahalla faollari, xotin-qizlar faollari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar o’rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish orqali oilalardagi muammolarni barvaqt aniqlash va hal etish choralari ko’rilmoqda.
Farmonda tazyiq va zo’ravonlikdan jabrlangan ayollar va bolalarga har tomonlama yordam ko’rsatish masalasiga katta ahamiyat berilgan. Jumladan, ularga psixologik, tibbiy, huquqiy va ijtimoiy yordam ko’rsatish tizimini takomillashtirish ko’zda tutilgan.
Mamlakatimizda zo’ravonlikdan jabrlangan shaxslarni vaqtincha joylashtirish, ularni qo’llab-quvvatlash va reabilitasiya qilish maqsadida maxsus markazlar tashkil etilgan. Ushbu markazlarda mutaxassislar tomonidan jabrlangan shaxslarga zarur yordam ko’rsatiladi.
Bundan tashqari, ayollar va bolalarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari amalga oshirilib, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash bo’yicha qo’shimcha imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishda jamiyatning huquqiy madaniyatini oshirish muhim ahamiyatga ega. Farmonda aholi o’rtasida huquqiy targ’ibot ishlarini kuchaytirish, oilada sog’lom muhitni shakllantirish hamda yoshlarda zo’ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish vazifalari belgilab berilgan.
Mazkur farmon orqali ayollar va bolalarni zo’ravonlikdan himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo’ravonlik holatlarining oldini olish, jabrlanganlarga ko’mak berish hamda jamiyatda inson qadrini ulug’lashga qaratilgan keng ko’lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa mamlakatimizda adolatli va insonparvar jamiyatni barpo etishga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari bo’yicha
Denov tuman sudining raisi S.B.Bo’tayev