Hurmatli yurtdoshlar, aziz ustozlar, talabalar va hamkorlar!
31/08/2025
Sizlarni qutlug‘ va sharafli sana — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
1991-yil 1-sentabr sanasi xalqimiz uchun aziz va unutilmas kun bo‘lib, Vatanimizning tarixiy taraqqiyot yo‘lida yangi davr – ozodlik va erkinlik davrining boshlanishi sifatida abadiy saqlanib qoladi. Oradan o’tgan 34 yil davomida mamlakatimiz barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Bu taraqqiyot yo‘lida har bir fuqaroning mehnati, fidoyiligi va tashabbuskorligi muhim o‘rin tutdi.
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti jamoasi sifatida biz ham ushbu taraqqiyotga o‘z hissamizni qo‘shib kelmoqdamiz. Bugungi kunda yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ularni Vatanga sadoqatli, intellektual salohiyatli, zamonaviy mutaxassislar qilib tarbiyalash – bizning eng ustuvor vazifamizdir.
Mustaqilligimiz tufayli yaratilgan imkoniyatlar bizga keng ufqlarni ochdi, orzularimizni ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam zamin yaratdi. Bugun har birimiz Vatan ravnaqi, uning kelajagi uchun yanada mas’uliyat bilan harakat qilishimiz zarur.