Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini daromadli mehnat bilan band qilish, xususan, tomorqadan samarali foydalanish orqali qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish maqsadida hududlarda manzilli, aniq hisob-kitoblarga asoslangan namunali loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shu yo‘nalishda Denov tumani Chuqurqishloq mahallasida aholining tomorqadan unumli foydalanishini ta’minlash bo‘yicha aniq reja va iqtisodiy samador loyihalar ishlab chiqilgan.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov mazkur mahallada bo‘lib, tomorqadan samarali foydalanish tajribasi hamda joriy etilgan namunali loyihalar bilan tanishdi. Mas’ullar tomonidan usta dehqonlarni jalb etgan holda 5,5 sotix yer maydonida kartoshka, piyoz, poliz ekinlari va mevali daraxtlar yetishtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar taqdimot qilindi.
Qayd etilganidek, har bir yer maydoniga yo‘naltirilayotgan xarajatlar aniq hisobga olingan holda, kutilayotgan daromad miqdorlari ilmiy va amaliy hisob-kitoblar asosida belgilab chiqilgan. Jumladan, 5,5 sotix yer maydonida kartoshka yetishtirish orqali 8–8,5 million so‘mgacha daromad olish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.
Viloyat rahbari ushbu loyihalarni manzilli tarzda joriy etish, usta dehqonlarni biriktirgan holda oilalarni daromadli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga o‘rgatish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalarni belgilab berdi.
Shuningdek, tashrif davomida dunyoga mashhur fizik olim, akademik Nazar To‘rayevning uy-muzeyi bilan ham tanishildi. Olimning ilmiy merosini keng targ‘ib qilish, uni yoshlar o‘rtasida ommalashtirish muhimligi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, mahalladagi bir oila misolida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi amaliy jihatdan o‘rganilib, chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.