27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
27/06/2025
Termiz shahridagi “Mumtoz” tantanalar saroyida 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda 400 ga yaqin jurnalist, nashriyot va matbaa sohasi vakillari, faxriy jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, Prezidentimizning soha xodimlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi va barcha axborot sohasi vakillarini bayram bilan tabrikladi.
Ayni paytda viloyatda 37 ta gazeta va jurnal, 3 ta televideniye, 1 ta radio, 4 ta rasmiy veb-sayt faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, markaziy OAV vakillari ham hududdagi yangilik va o‘zgarishlarni xolis yoritishga xizmat qilmoqda. 70 dan ortiq davlat idora va tashkilotlaridagi axborot xizmatlari jamiyatda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Tantanali tadbirda sohaga qo‘shgan faol hissasi uchun 35 dan ziyod jurnalist, bloger va axborot xizmatlari xodimlari viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir bayramona dasturxon va san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari bilan yanada mazmunli tusda o‘tkazildi.