Sinada Surxondaryoning milliy taomlari sayli o‘tkazildi

27/09/2025

Denov tumanining Sina qishlog‘ida Surxondaryo viloyati hokimligi hamda Turizm qo‘mitasi hamkorligida “Milliy taomlar sayli” o‘tkazildi. Tadbirda Termiz shahri va tumanlardan tashrif buyurgan mohir oshpazlar o‘z hududlariga xos milliy taomlarni namoyish etdilar.

Milliy uslubda bezatilgan pavilonlarda pazandalar turli taomlarni tayyorlash jarayonlarini, ularning tayyorlanish usuli, udum va an’analarini ishtirokchilarga amaliy tarzda ko‘rsatib berdi.

Sayl mehmonlari — xorijiy sayyohlar, viloyatimiz va respublikaning turli hududlaridan tashrif buyurganlar — non, patir, somsa, tandir kabob, go‘shtli osh kabi o‘zbek milliy taomlarining tayyorlanish jarayonini tomosha qildilar, ularni tatib ko‘rib, yuqori baholadilar.

Tadbir doirasida milliy o‘yinlar, xalqona musobaqalar va sport bellashuvlari ham tashkil etildi. Bu chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Sayil yakunida “Eng yaxshi taom”, “Eng yaxshi oshpaz” va “Eng ko‘p milliy taom tayyorlagan oshpaz” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom, maxsus statuetka va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.