O‘zbekiston delegatsiyasi Kulobdagi xalqaro forumda qatnashmoqda
20/06/2025
Tojikiston Respublikasi Xatlon viloyati Kulob shahrida “Xatlon – turizmning qaynoq yuragi” mavzusida xalqaro turizm forumi ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Koreya, Eron, Rossiya, Xitoy, Qirg‘iziston, Turmaniston kabi o‘nga yaqin davlat vakillari ishtirok etayotgan tadbirda surxondaryolik turizm sohasi mutaxassislari, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti olimlari, san’atkorlar, baxshilar, shuningdek, Qashqadaryo viloyati turizm boshqarmasi vakillari ham qatnashmoqda.
Xatlon viloyatining tarixiy obidalari, milliy hunarmandchiligi, urf-odatlari keng targ‘ib qilinayotgan tadbir hududning turistik jozibadorligini namoyish etuvchi ko‘rgazma bilan tanishishdan boshlandi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida Xatlon viloyati hokimi Davlatali Said forum qatnashchilarini tabriklab, hududning turistik imkoniyatlari va sayyohlar uchun turistik qulay muhit yaratish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Xalqaro tadbirda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari delegatsiyasi mamlakatimizning boy turistik salohiyatini taqdim etadi. Turistik kompaniyalar, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolaydi.