O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar 12–13-avgust kunlari o‘tkaziladi

11/08/2025

Talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardagi, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining alohida iqtidor talab etadigan yo‘nalishlariga ko‘chirish bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar 12–13-avgust kunlari bo‘lib o‘tishi belgilandi.

Talabgorlar imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz (https://my.uzbmb.uz/allow/transfer-study-allow) saytidagi shaxsiy kabinetidan olishlari mumkin.

Unda kasbiy (ijodiy) va test sinovi imtihonlarining o‘tkazilish joyi, sanasi hamda vaqti haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan.

❗️ Talabgorlar test sinovi o‘tkaziladigan binoga ruxsatnomada belgilangan vaqtdan kechikmasdan, pasport (ID-karta) va ruxsatnoma bilan kelishlari lozim.

⚠️ ESLATMA: kasbiy (ijodiy) imtihonlarda qatnashgan talabgorlar, majburiy fanlar (ona tili, matematika, tarix)dan o‘tkaziladigan test sinovlarida ham ishtirok etishlari shart. Aks holda, ularning kasbiy (ijodiy) imtihonda olgan ballari inobatga olinmaydi.