Yurtimizda bilimli, fidoyi va tashabbuskor avlodni tarbiyalash yo‘lida har bir qadam muhim ahamiyatga ega. Mana, siz ham hayotingizdagi muhim bosqich – kirish imtihonlari oldidasiz. 14-iyuldan boshlab Respublikamiz bo‘ylab test sinovlari boshlanadi. Bu sinovlar sizning yillar davomida olgan bilimlaringiz, mehnatingiz va intilishingiz natijasini namoyon etadi.
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti jamoasi nomidan har biringizga yuksak ishonch va katta omad tilayman. Imtihon jarayonlari qonuniylik, halollik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkaziladi. Barcha texnik va tashkiliy masalalar puxta rejalashtirilgan. Sizlardan esa faqat diqqat, o‘ziga ishonch va tartib-intizom talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz: imtihon kuni shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat va ruxsatnomani unutmaslik, belgilangan joyga kamida bir soat oldin yetib kelish zarur. Bu sizga o‘zingizni tayyor va xotirjam his etishingizga yordam beradi.
Aziz yoshlar, imtihonlardan qo‘rqmang. Sizni aldamoqchi bo‘lgan, yolg‘on va’dalar bilan ishontirmoqchi bo‘lgan shaxslardan ehtiyot bo‘ling. Unutmang – chinakam yutuq faqat halol mehnat va bilim bilan qo‘lga kiritiladi.
Yorug‘ niyat bilan kirayotgan bu sinovda sizga kuch-g‘ayrat, sabr va omad tilayman. Intilgan maqsadingizga yeting, orzu qilgan oliy ta’lim muassasasida o‘qish baxti nasib etsin!
Hurmat bilan, Oybek Ruziyev, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori