Sunnatullo RAHMON ijodi
ISTIQLOL MADHI
Zafar kulib boqdi, – bu ne baxt, elim,
Qator medallaring, mana, naqd, elim!
Bunda chin qahramon – chempionlar bor,
Seni yuksaltirgan oliy ahd, elim!
Nurli yo‘lda kezar qadimiy g‘urur,
Mashaqqatli mehnat keltirdi surur.
Har ezgu niyatlar parvozi aro
Yangi O‘zbekiston – olamga mashhur!
O, qiz-o‘g‘lonlaring – qatorda norlar,
Mard ular, mardlarni maydonga chorlar.
Quchib, o‘p yarqiroq manglaylaridan,
Manglayida yurtim quyoshi porlar!
G‘oliblik… Shohsupa… Dilda hayajon,
Yurtboshimiz mehri – ko‘ngilga darmon.
Jo‘r bo‘ldi o‘zbekning Madhiyasiga
O‘lkam qudratiga tan bergan jahon!
Tole quyoshining kulgani shudir,
Duolar ijobat bo‘lgani shudir.
Vatan ishqi bilan yoniq dillarning
Shukronalik ila to‘lgani shudir!
Yurt sha’nin asrashdek ezgu tuyg‘u yo‘q,
Bu his – Istiqlolga to‘yona ulug‘.
Yuraklar qa’rida jilo bersin baxt,
Kipriklar qatida yonaversin cho‘g‘!