Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining yangi o’quv binosi foydalanishga topshirildi
Kuni kecha Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirish tadbirida ishtirok etdi. Mazkur o‘quv binosi 1 000 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 38,6 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Viloyat rahbari o‘quv binosida yaratilgan sharoitlar, uning kelgusidagi faoliyati yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Davlatimiz rahbarining ta’limga qaratayotgan yuksak e’tibori natijasida yoshlar uchun shunday zamonaviy binolarda tahsil olish imkoniyati yaratilayotganligi, bundan samarali foydalanish lozimligi ta’kidlandi.
Yangi o‘quv binosida universitetning 6 ta yo‘nalish talabalari tahsil oladi. Ular uchun o‘quv binoda 8 ta ma’ruza, 10 ta seminar-amaliy, 28 ta laboratoriya mashg‘ulot va 1 ta robotatexnika xonalari tashkil etilgan. Shuningdek, “Ilg‘or muhandislik maktabi”, Geologiya muzeyi, Ilmiy Kengashlar zali, intelektual o‘yinlar va munozara debat klubi ham ushbu binoda joylashadi.