Institut haqida

 

            O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Surxondaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi joriy yil 17 apreldagi PQ-4681-son qarori asosida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti tashkil etildi.

Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti O‘zbekistonda Oliy ta’lim muassasalari ichida eng yosh ta’lim maskanidir. Institut o‘z faoliyati davomida 3 mingdan ortiq malakali mutaxassislarni tayyorlash orqali xalq xo‘jaligini etuk kadrlar bilan ta’minlash hamda ilm-fanning turli sohalarida jahon e’tirof etgan muvaffaqiyatlarga erishish ko‘zda tutilgan.

            Ulkan fan olamida ilmiy maktab yaratish o‘ta noyob va sharafli ishdir. Bu so‘lim go‘shada o‘rta asrlarda Daqiqiy, Farruxiy, Tohir Chag‘oniy, Abu Ja’far Hoziy, Sag‘oniy, Usturlobiy singari taniqli adibu olimlar ijod qilganligi, mashhur “Shohnoma” asarining ming bayti shu zaminda Daqiqiy tomonidan bitilganligi ma’lumu mashhurligidan guvohlik beradi. Tarixiga nazar solsak, qadimgi Chag‘oniyon miloddan avvalgi IV-III-asrlarda ilm-fan, tadbirkorlik, hunarmandchilik, madaniyat, san’at, me’morchilik, dehqonchilik kabi bir qancha sohalarda eng etakchi davlatlardan biri bo‘lgan. Bugungi kunda bobolarga xos an’ananani davom ettirgan xolda Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti olimlari tomonidan sohalar bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilmoqda.

            Ulkan ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan Samarqand davlat universiteti hozirda faoliyat yuritayotgan Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining tayanch Oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Samarqand davlat universiteti hamda O‘zbekiston jahon tillari universitetlarining tajribali professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari ishtirokida onlayn seminar-treninglar, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni olib borish orqali tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

            DTPIda ta’lim olayotgan ko‘plab bitiruvchilar xorijiy Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishlari va malaka oshirishlari hamda hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun, dunyoning rivojlangan davlatlarining nufuzli Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘ygan.

            Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari, qishloq xo‘jalik  xodimlari, ishlab chiqarish sohasidagi xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni, chet el grantlarini, Xalqaro donor tashkilotlari jamg‘armalarining tanlovlarida ishtirok etishi uchun loyihalarni shakllantirish bo‘yicha “KONSALTING” markazlarini tashkil qilish yuzasidan institutda 2020-2021 o‘quv yili davomida Xalqaro donor tashkilotlari JICA, KOICA va rivojlangan davlatlarning sohaning etakchi mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladigan seminar-treninglar va tajriba oshirish kurslarini tashkil etishda institutning professor-o‘qituvchilari va talabalarining tarjimonlik qilishi hamda ularni to‘liq tajriba o‘rganishini yo‘lga qo‘yish rejalashtrilgan.

            DTPIda tahsil olayotgan o‘nlab iqtidorli talabalar xalqaro fan olimpiadalari, sport musobaqalari g‘oliblari sifatida mashhur. Institutda professor-o‘qituvchilarni xorijda stajirovka o‘tash va malaka oshirish, xodimlarni magistratura va doktorantura (PhD)da o‘qish uchun 2020-2021 yillar mobaynida 4 nafar pedagogik va ilmiy kadrlarni stajirovka o‘tash va malaka oshirishini tashkil etish hamda 1 nafar o‘qituvchi va yosh olimni doktorantura (PhD)da va 1 nafar bitiruvchilarni magistraturada o‘qish uchun etakchi xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalariga yuborish rejalashtirilgan.

          Qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida kadrlar tayyorlash, “qo‘shma diplom”, akademik mobillik hamda yozgi maktablar bo‘yicha integrallashgan innovatsion ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida 2020-2021 o‘quv yili davomida xorijiy mamlakatlarning etakchi Oliy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda turli loyihalarni amalga oshirish hamda ta’lim jarayonini takomillashtirish va sifatini oshirish borasida xorijiy mamlakatlarning Oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar va jamg‘armalar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 2019-2020 yillarda ta’lim sifatini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga tadbiq etish, o‘quv reja va dasturlarni takomillashtirish, universitetning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida Germaniyaning Ekspertlar almashinuvi xizmati (SES – Senior Experten Service) tashkiloti moliyaviy ko‘magida 4 nafar malakali va tajribali ekspertlarni institutga jalb qilinishi rejalashtirilgan.

            Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda ta’lim sifatini oshirish, o‘quv reja va dasturlarni takomillashtirish, bilimni baholash, yangi ta’lim dasturlarini joriy etish, ingliz tili fani o‘qituvchilari malakasini oshirish bo‘yicha turli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Institutning o‘quv binolari, talabalar turar joyi, maktabgacha ta’lim muassasasi hamda zamonaviy axborot-resurs markazi binolarini yangidan qurish maqsadida Denov tumani, “Totuvlik” mahallasi, Gulira’no ko‘chasi, 1-a uyda joylashgan hududda ma’muriyat, axborot resurs binosi va 500 o‘rinli talabalar turar joyi hamda shu hududda ma’muriyat binosida 1200 o‘rinli o‘quv binosi qurish va jihozlash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek,  Sh. Rashidov ko‘chasi 360-uyda joylashgan bino hududidan 500 o‘rinli talabalar turar joyi Samarqand Davlat Universiteti va boshqa etakchi OTMlarning salohiyatli va malakali professor-o‘qituvchilarini DTPIdagi ta’lim jarayoniga jalb qilinishini inobatga  olib DTPI hududida Viloyat hokimligi tomonidan Institut professor-o‘qituvchilari uchun  24 xonadonga mo‘ljalangan xizmat uyi (yoki arzon uylar) qurish rejalashtirilgan.

Shu bilan birgalikda Professor-o‘qituvchilar va xodimlarning farzandlari uchun kamida 100 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi binosini qurish hamda mazkur muassasada institut talabalarining bevosita amaliyot o‘tashlarini tashkil etish yo‘lga qo‘yilmoqda.

DTPI Axborot-resurs markazi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan va internet tizimiga ulangan bo‘lib, kutubxona fondi 35 ming 678 dona turli adabiyotlarga ega.

DTPI dunyoning 10 dan ziyod rivojlangan davlatlarning OTMlari bilan  20 ga yaqin oliy ta’lim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Jumladan, A. S. Pushkin nomidagi  Moskva davlat  tillar  universiteti, Istanbuldagi Ilgiz  davlat universiteti, Yaponiya davlatining Nagoya universiteti, Polsha davlatining Gdansk universiteti , Moskva davlat godeziya va xaritashunoslik universiteti, Evropaning Edinburg universiteti, Manchester universiteti, London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi, Moskva davlat pedagogika universiteti, Moskva davlat tillir universiteti, Rossiya davlat turizm va xizmat ko‘rsatish universiteti shular jumlasidandir.

Boy tarixga, an’analarga va innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan qadimiy Denov shahrida qad rostlagan Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti jamoasi ilmu-ma’rifat va ta’lim-tarbiya sohasidagi yutuqlarni yanada ko‘paytirish va vatan ravnaqiga bundan ham munosib hissa qo‘shish uchun qat’iyat va shijoat bilan mahnat qilishni o‘zlarining sharafli burchi deb biladi.