Respublikamizning janubiy sarhadlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarning ilg‘or pedagogik texnologiyalar yordamida ta’lim olishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratish, hududda tadbirkorlik an’analarini ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat bilan uyg‘un rivojlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020-yilning 17-aprelida “Surxondaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizmini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-4681-sonli qarori asosida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti tashkil etildi.
Mazkur qaror bilan ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalari, shuningdek, tadbirkorlikning zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini inobatga olgan holda tadbirkorlik va boshqaruv, pedagogika va aniq fanlar hamda mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiq boshqa sohalar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni milliy va xalqaro standartlarga muvofiq sifatli tayyorlash, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalar uchun qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalari, shu jumladan masofaviy o‘qitish uslublarini joriy etish, o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, ilm-fan, ishlab chiqarish va amaliyot oldida turgan dolzarb vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish, yuqori malakali professor-o‘qituvchilar, mutaxassislarni jalb etgan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyotning ehtiyoj yuqori bo‘lgan tarmoqlari uchun kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish, respublika va xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalariga istiqbolli yoshlarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish kabi vazifalar faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlari qilib belgilangan.
O‘tgan davr mobaynida o‘z faoliyatini 8 ta ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash bilan boshlagan Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida 2022/2023 o‘quv yilida 24 ta ta’lim yo‘nalishlari va 12 ta mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim jarayoni amalga oshirilmoqda. Ilmiy salohiyat 14% dan 32% ga o‘sib, bu borada xalqaro va respublika miqyosidagi reytinglarda munosib o‘rin egallab kelmoqda.
Bugungi kunda Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida o‘z ichiga turli sohalarni qamrab olgan 18 yo‘nalish mavjud bo‘lib, turli millatlar tillarini o‘rganishga ham katta e’tibor qaratilgan. Xususan, talabalar 10 ga yaqin xorijiy tillarni, jumladan, ingliz, rus, xitoy, arab, italiyan, nemis tillari bilan bir qatorda koreys tilini 2-chet tili sifatida o‘rganishmoqda.

Язык