8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori tabrigi
💐Aziz Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida faoliyat olib borayotgan opa-singillar, talaba-qizlar!
🌷Avvalo, yurtimizga tashrif buyurgan yasharish, yangilanish fasli bo‘lgan bahor bayrami bilan barchangizni muborakbod etaman! An’anaga ko’ra, 8-mart bahor kelishiga to’g’ri keladi va go’zallik, mehribonlik, bahor, tabiatning uyg’onishi, quvonch va quyoshni o’zida mujassam etadi. Bunda ham, albatta, ramziy ma’no-mazmun bor. Zero, tabiatning uyg‘onishi, yangi hayot nafasining ufurishi hayotimizga go‘zallik, qalblarimizga mehr-muhabbat olib kiruvchi ayollarimizning bayrami bilan hamohangdir.
🌺Shu qutlug‘ ayyom – 8-mart — “Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami bilan jamiki yurtimiz ayollarini, qolaversa, jamoamizdagi muhtarama opa-singillarimizni, talaba-qizlarimizni chin dildan muborakbod etaman.
❇️ Ayol millat kelajagi, hayot davomchisi. Xotin-qizlar eʼzozlangan va qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon boʻladi. Shu jihatdan keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, oila, onalik va bolalikni. himoya qilish, ayollar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatini ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
🏛Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ogʻirini yengil qilish, masʼuliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish, tadbirkor opa-singillarimizga manzilli koʻmak berish, ularning bandligini taʼminlash kabi koʻplab muhim vazifalar koʻndalang qoʻyilganligi jamiyatimiz ayollari yana bir pogʻona yuksakka koʻtarilganidan dalolat beradi.
🌹Aziz va qadrli opa-singillar!
Sizlarni bahor elchisi bo‘lgan, o‘zingizdek go‘zal va dilbar bayramingiz bilan tabriklar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Umringiz uzoq, iqbolingiz ziyoda bo‘lsin! Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin! Doimo oilangiz va farzandlaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘ling!
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori G’. Raximov