Bayramga tuhfa: Denovda 300 metrlik yo’l o’tkazgich foydalanishga topshirildi
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori va 2019-yilda Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Denov tumanidan o‘tuvchi 4R108 «Denov aylanma yo‘li» avtomobil yo‘lini M41 xalqaro avtomagistral yo‘li bilan bog‘lovchi uzunligi 300 metr bo‘lgan yo‘l o‘tkazgich barpo etildi.
Umumiy qiymati 81,5 milliard so‘m bo‘lgan mazkur yirik loyihaning qurilish ishlari 2022-2024-yillar davomida amalga oshirildi. Xalqaro standartlarga mos ravishda barpo etilgan yo‘l o‘tkazgichning ko‘prik qismi uzunligi 300 metr, tirama devori 100 metr, ikki tomonlama yo‘l uzunligi 1 200 metrni, yo‘lning umumiy kengligi 21 metrni tashkil etadi.
Yirik inshootning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, viloyat va tuman sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdi.
Mazkur yo‘l o‘tkazgich mintaqaning transport infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Yo‘l o‘tkazgichning ochilishi Konstitutsiyamizning 32 yilligi arafasida xalqimiz uchun bayram tuhfasi bo‘ldi.