Yurtboshimiz 67 yoshda
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni bugungi tavallud ayyomingiz bilan tabriklayman.
Men Ashurova Maftuna Ortiq qizi yaqinda Sizning «Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi Farmoningizga ko‘ra, tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelayotgan tashabbuskor va yetakchi yoshlar qatorida men ham «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlandim.
Ayni vaqtda men faoliyat ko‘rsatayotgan Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Sizning tashabbusingiz bilan “Surxondaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4681 qaroringizga asosan 2020-yil 17-aprelda o‘z faoliyatini boshlagan.
Institutimiz dastlabki yillarda 2 ta fakultet bilan ish boshlagandi. Hozirgi kunda 4 ta fakultet, 16 ta kafedra mavjud bo‘lib, 24 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, 12 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha jami 8212 nafar talaba yoshlarga ta’lim berilmoqda. Ilmiy salohiyat dastlabki yillarda 17 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatgich 25 foizga yetdi. Bularning bari Sizning odilona siyosatingiz mahsulidir.
Hurmatli Shavkat Miromonovich, yana bir bor tavallud kuningiz bilan muborakbod etaman! Dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘layotgan O‘zbekiston Sizning rahbarligingizda bundan keyin ham taraqqiyotning ulkan marralarini zabt etishiga ishonch bildiraman!
Sizga hurmat bilan, DTPI o’qituvchisi Maftuna Ashurova