Bugun, 20-dekabrdan uzrli sababga ko‘ra o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar hududiy ishchi guruhlar tomonidan qabul qilinadi
Belgilangan tartibga muvofiq 2 ta uzrli sababga (https://t.me/eduuz/18635) koʻra davlat oliy taʼlim muassasalariaro o‘qishni koʻchirish haqidagi arizalarni qabul qilish uchun 13 ta oliy taʼlim muassasasida hududiy ishchi guruhlar tashkil etildi (rasm).
Ishchi guruhlar 2025-yilning 20-yanvar kuniga qadar har kuni soat 9:00dan 17:00 gacha (yakshanba – dam olish kuni; shanba – soat 9:00 dan 15:00 gacha) faoliyat koʻrsatadi.
Hududiy ishchi guruhlarga arizachi quyidagi hujjatlarni (oflayn) taqdim etadi:
➖ o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza (ariza blankasi hududiy ishchi guruh tomonidan beriladi va talaba uni joyida to‘ldiradi);
➖ talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxalari (bittasi bo‘lsa yetarli);
➖ pasport nusxasi;
➖ uzrli sabablarni asoslovchi tegishli hujjatlar.
Ma’lumot uchun, 2 ta uzrli sabab quyidagilar:
➡️talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;
➡️davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.