Bayramga tuhfa: Oltinsoyda 630 o‘rinli zamonaviy maktab binosi foydalanishga topshirildi
Bugun Oltinsoy tumanida tadbirkor Jamshid Pardayev tomonidan beg‘araz yordam sifatida yangidan qurib berilgan 48-sonli maktabning 630 o‘rinli binosi foydalanishga topshirildi. Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, nuroniylar, viloyat faollari, ta’lim tizimi mutasaddilari hamda o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi.
Viloyat rahbari maktab 1-oktabr — o‘qituvchi va murabbiylar kuni bayramiga haqiqiy tuhfa bo‘lganini ta’kidlab, tadbirkorning ota-onasiga minnatdorchilik bildirdi. Tadbir ishtirokchilari maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.
Zamonaviy talablar asosida barcha sharoitlar bilan ta’minlangan maktabda intellektual sinfxonalar, sport zal, mini stadion, kutubxona, majlislar zali, kompyuter sinfxonalari hamda oshxona barpo etilgan. Bir so‘z bilan aytganda maktabda o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.