To‘g‘ridan to‘g‘ri Prezidentga bo‘ysunadigan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi
Prezident qarori bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Ushbu agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va Oliy Majlis palatalari oldida hisobdor bo‘ladi.
Agenlikning asosiy vazifalaridan biri korrupsiya yuqori bo‘lgan sohalarni chuqur tahlil qilish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hisoblanadi.
Budjet mablag‘laridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi nazorat qilish masalalari ham Agentlikning vakolatlar doirasiga kiradi.
Bundan tashqari, Agentlikka davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi hamda deklaratsiyadagi ma’lumotlarning haqqoniyligi tekshirilishini tashkil etish vazifasi yuklanadi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Oliy Majlisga Murojaatnomasida «Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, «halollik vaksinasi» bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak»ligini ta’kidlab, ana shu vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish maqsadida parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etishni taklif etgandi.