Surxondaryoda 156kilometrlik kanal foydalanishga topshirildi
Xabar berilganidek, Islom taraqqiyot banki ishtirokida umumiy qiymati 121,7 mln dollar bo‘lgan «Surxondaryo viloyatida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash (Hazarbog‘-Oqqapchig‘ay kanallari tizimini qayta tiklash)» loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida vohamizning 5 ta tumanidan o‘tuvchi Hazarbog‘-Oqqapchig‘ay kanallari tizimining 156 km qismi rekonstruksiya qilindi, 538 dona gidrotexnik inshoot hamda 27 dona avtomobil ko‘prigi qurildi.
Bugun mazkur yirik loyihaning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev va Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, tumanlar hokimlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari, nuroniylar, faollar ishtirok etdi.
Loyihaning foydalanishga topshirilishi hisobiga 103,4 ming gektar maydonning suv ta’minotini yaxshilash, jumladan, Sherobod tumanidagi 38,5 ming gektar maydonni o‘zi oqar suv ta’minotiga o‘tkazish, suv isrofini 40 foizga kamaytirish, yetkazib berishni 3-4 kundan 16 soatgacha qisqartirish, yangi adirlik yerlarni foydalanishga kiritish hamda 232 ming aholining qishloq xo‘jaligida bandligini ta’minlash imkoniyati yaratilganligi qayd etildi.
Suv xo‘jaligi vaziri Surxondaryoda barcha sohalarda loyihalar tizimli amalga oshirilayotganligini, aholi turmush farovonligi yildan yilga yaxshilanib borayotganligini ta’kidladi. Tadbirda so‘z olgan nuroniylar Prezidentimizning uzoqni ko‘zlab, suv xo‘jaligini rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori sabab kanallarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga yangi yerlarni foydalanishga kiritish imkoniyati yaratilayotganligidan minnatdor ekanliklarini bildirishdi.
Shuningdek, tadbirda «Amu-Surxon» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi salohiyatini oshirish maqsadida 4 ta ekskavator, 10 ta yuk tashuvchi motoroller, 4 ta avtomobil (pikap rusumli), 6 ta traktor va 4 ta tirkama topshirildi.