Vazir yotoqxonada turuvchi talabalar bilan uchrashib, ularni holidan xabar oldi
26-noyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Surxondaryo viloyatiga xizmat safari davomida Termiz davlat pedagogika institutining 2 ta 1500 o‘rinli o‘quv binosi va davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan 2 ta 400 o‘rinli talabalar turar joyi qurilish jarayonlari bilan tanishdi.
O‘rganish jarayonida qurilish rahbari va boshqa mas’ullar bilan suhbatlashib, ushbu obyektlar sifatli, foydalanuvchilar uchun qulay hamda belgilangan talablarga rioya etilishi yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, institutning asosiy hovlisida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat o‘tqazildi.
Bundan tashqari vazir 1-sonli yotoqxonada bo‘lib, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, yo‘lga qo‘yilgan to‘garaklar faoliyati bilan tanishib, hunarmandchilik ishlari e’tirof etildi.
Shuningdek, Q.Sharipov bir guruh iqtidorli, faol talabalar bilan uchrashib, yoshlarning taklif va loyihalarini tingladi. Muloqot yakunida eng chiroyli savol mualliflariga kitob hadya qilindi.