Rektor bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashdi
Denov tadbirkorlik va pedagogika institutiga biriktirilgan Oltinsoy tumanidagi 27-sonli umumta’lim maktabida ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur muassasada 756 nafar o‘quvchilarga 70 nafar o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya bermoqda. O‘qituvchilarning toifa ko‘rsatkichi 40 foizni, shundan 1 nafari (1,5 foiz) oliy toifali, 6 nafari (8,5 foiz) birinchi toifali, 21 nafari ikkinchi toifali (30 foiz) o‘qituvchilarni tashkil etadi. Institutdan biriktirilgan xorijiy til quyi kurs kafedrasi tomonidan toifasiz o‘qituvchilarni kasbiy qayta tayyorlash yuzasidan kurslar tashkil qilinib, kelgusi o‘quv yiliga qadar maktab uchun og‘riqli muammo bo‘lib turgan toifa ko‘rsatkichini 80-100 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Shuningdek, 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi sinf o‘quvchilarini oliy ta’limga uzluksiz tayyorlab borish maqsadida muassasada “Abituriyent shtabi” tashkil etildi va bu loyiha keyingi 5 yil davomida bitiruvchilarning kamida 50 foizini oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi bilan o‘z natijasini beradi. Maktab bitiruvchilarini yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari bilan bir qatorda jahonning TOP-1000 talik ro‘yxatiga kiruvchi xorijiy davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish testlariga tayyorlash vazifasi yuzasidan tayyorlov kurslari tashkil etilmoqda.
Bugun mazkur vazifalar bilan maktab bitiruvchilarini tanishtirish maqsadida institut rektori O.Ruziyev o‘quvchilar bilan bevosita muloqot o‘tkazdi. Muloqot ochiq va samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi, o‘quvchilarning savollariga tegishli javoblar berildi.